Caprifoliaceae
Kitob hakidaKirishO`simliklarHayvonlarAdabiyotlar

Pseudoclausia 
Liliaceae 
Liliaceae 
Melanthiaceae 
Orchidaceae 
Paeoniaceae 
Dipsacaceae 
Cyperaceae 
Caryophyllaceae 
Caprifoliaceae 
Fumariaceae 
Asteraceae 
Asteraceae 
Home>O`simliklar>Caprifoliaceae

 

Shilvidoshlar oilasi

Caprifoliaceae

 

 

21.

G`alati uchqat

Lonicera paradoxa Pojark.

 

Kamyoblik darajasi 1. Pomir-Oloydagi juda kamyob, areali ajralgan, relikt endem o`simlik.

Qisqacha tavsifi. Tarvaqalaygan shox-shabbali buta. Barglari ellipssimon yoki teskari-tuxumsimon, bo`lakli, uzunligi 20 mm, chetlari qisqa kipriksimon, har ikki tomoni qisqa tukli. Gullari barg qo`ltig`ida joylashgan. Mevasi yumshoq, qizil rangli, mayda urug`lari 4-5ta, oqish. Iyul-avgustda gullab, sentabrda mevasi yetiladi.

Tarqalishi. Oloy tizmasida (Shohimardon qishlog`i atrofi) va Turkiston tizmasida tarqalgan (Samarqand va Farg`ona viloyatlari). Tojikiston va Qirg`izistonda ham uchraydi.

O`sish sharoiti. Tog`larning o`rta va yuqori qismlarida tosh-shag`alli yonbag`irlarda va siyrak archazorlarda o`sadi.

Soni. Tabiatda juda kam uchraydi.

Ko`payishi. Urug`idan va ildiz bachkilaridan ko`payadi.

O`simlik soni va arealining o`zgarish sabablari. O`tin sifatida ishlatiladi. Chorva mollaridan ham zarar ko`radi.

Madaniylashtirilishi. Bu haqda ma'lumotlar yo`q.

Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan. Nazoratxonalar tashkil qilish va biologik xususiyatlarini O`zbekiston Respublikasi FA Botanika bog`ida o`rganish lozim.

 

 

22.

Jingak shirach

Eremurus fuscus Vved.

 

Kamyoblik darajasi 2. O`zbekistondagi kamyob tur.

Qisqacha tavsifi. Bo`yi 60-120 sm ga yetadigan ko`p yillik o`t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, urchuqsimon bo`laklari yo`g`onlashgan, eni 3-7 mm. Barglari keng-qalami, eni 1-3 sm, tarnovsimon, qirrali. To`pguli (shingili) qalin, ko`p gulli, uzunligi 15-50 sm. Guloldi bargchalarining pastki qismi uchburchaksimon, chetlari kipriksimon. Shingilining pastki qismidagi gullarining bandi gulqo`rg`onidan 1,5-2 marta uzun. Gul qo`rg`on bargchalarining tomirlari bir-birlariga yaqin joylashgan, sarg`ish, uchi malla-qo`ng`ir tusli, uzunligi 9-13 mm, gullab bo`lgach to`q qo`ng`ir tusga kiradi. Changchilari gulqo`rg`on bargchalaridan uzunroq. Mevasi - ko`sakcha, yumaloq, silliq, eni 0,8-1,2 sm. Urug`i ingichka qanotchali. May-iyun oylarida gullab, iyun-iyul oylarida urug`i yetiladi.

Tarqalishi. Turkiston tizmasining g`uralas qo`riqxonasida tarqalgan (Samarqand viloyati). Tojikiston, Qirg`iziston va Qozog`istonda ham o`sadi.

O`sish sharoiti. Tog`ning yuqori qismidagi toshli va mayda-jins tuproqli yonbag`irlarda o`sadi.

Soni. Kichik to`plar hosil qilgan holda uchraydi.

Ko`payishi. Urug`idan va vegetativ yo`l bilan ko`payadi.

O`simlik soni va arealining o`zgarish sabablari. Soni va arealining o`zgarishi sabablari aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi. 1961 yildan O`zbekiston Respublikasi FA Botanika bog`ida o`stiriladi.

Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan. Zomin qo`riqxonasida muhofaza qilinadi.

 

 

23.

Nor shirach (xulka bola)

Eremurus robustus Regel

 

Kamyoblik darajasi 2. Tanshan va Pomir-Oloydagi areali ajralgan va qisqarib borayotgan endem o`simlik.

Qisqacha tavsifi. Bo`yi 100-250 sm ga yetadigan ko`p yillik yirik o`t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, bo`laklari urchuqsimon yo`g`onlashgan. Barglari keng qalami, eni 4-8 sm, silliq. Shingili tig`iz, ko`p gulli, silindr shaklda, uzunligi 35-120 sm. Guloldi bargchalari uchburchak shaklda. Shingilining pastki qismidagi gullarining bandi gulqo`rg`onidan 1,5-2 marta uzun. Gulqo`rg`on bargchalari yakka tomirli, och pushti rangli. Changchilari gulqo`rg`onidan bir oz qisqa. Mevasi – yumaloq silliq ko`sakka o`xshaydi, eni 1,5-2,5 sm. May-iyulda gullaydi, iyul-avgustda mevasi yetiladi.

Tarqalishi. Chotqol, Turkiston, Zarafshon va Hisor tizmalari. Boysuntog` hamda Cho`lbayir tog`larida tarqalgan. (Toshkent, Samarqand, Farg`ona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari). Tojikiston, Qozog`iston, Qirg`izistonda ham uchraydi.

O`sish sharoiti. Tog`ning o`rta qismidagi mayda-jins tuproqli va toshli yonbag`irlarda o`sadi.

Soni. Odam oyog`i yetmaydigan joylarda yakka-yakka holda uchraydi.

Ko`payishi. Urug`idan va vegetativ yo`l bilan ko`payadi.

O`simlik soni va arealining o`zgarish sabablari. Aholi tomonidan terib olinishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi. 1954 yildan buyon O`zbekiston Respublikasi FA Botanika bog`ida o`stiriladi.

Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan. Chotqol biosfera qo`riqxonasida muhofaza qilinadi. Botanika bog`larida ko`paytirish lozim.

 

 

24.

Yashilgulli shirach

Eremurus chloranthus M.Pop.

 

Kamyoblik darajasi 1. Turkiston tizmasida juda kam tarqalgan, endem o`simlik.

Qisqacha tavsifi. Bo`yi 60-70 sm dan oshmaydigan ko`p yillik o`t. Ildizpoyasi qisqa, nursimon joylashgan, urchuqsimon bo`laklari biroz yo`g`onlashgan. Barglari keng-qalami, eni 15 mm. Shingili qalin, ko`p gulli, deyarli silindrsimon, uzunligi 25-30 sm. Guloldi bargchalari uchburchak-nashtarsimon, chetlari kipriksimon tukli. Shingilining pastidagi gulbandi gulqo`rg`onidan qisqaroq. Gulqo`rg`on bargchalari yakka tomirli, yashilroq rangli, uzunligi 14-15 mm. Changchilari gulqo`rg`onidan 1,5 marta qisqa. Ko`sakchasi noma'lum. Iyulda gullaydi.

Tarqalishi. Turkiston tizmasining G`uralassoyning yuqori qismida tarqalgan (Samarqand viloyati).

O`sish sharoiti. Ochiq ola jinslarda o`sadi.

Soni. Faqatgina bir marta G`urapassoydan yig`ilgan (1926 yil 20 iyulda). 1980-1981 yilarda olib borilgan qidirish ishlari natija bermadi. Tabiatda soni juda kamayib ketgan bo`lsa kerak.

Ko`payishi. Ma'lumotlar yo`q.

O`simlik soni va arealining o`zgarish sabablari. Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi. Ma'lumotlar yo`q.

Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan.

 

 

25.

Echison shirachi

Eremurus aitchisonii Baker

 

Kamyoblik darajasi 2. O`zbekistonda kamyob tur.

Qisqacha tavsifi. Bo`yi  100-120sm orasidagi ko`p yillik o`t. Ildiz poyasi qisqargan, nursimon joylashgan, bo`laklari urchuqsimon yo`g`onlashgan. Barglari keng qalami, eni 5-8 sm, och-yashil rangli, tuksiz. Poyasi tuksiz yoki pastki qismi g`adir-budir tukli. Shingili siyrak, kamgulli, silindrsimon, 20-45 sm uzunlikda. Guloldi bargchalari uchburchak shaklida, cho`zinchoq. Shingilining pastidagi gulbandi gulqo`rg`onidan ikki marta uzun. Gulqurg`on bargchalari bir tomirli, pushti rang. Changchilari gulqo`rg`onidan 1,5 marta qisqa. Mevasi - eni 1,5-2 sm keladigan yumaloq ko`sakcha. May-iyun oylarida gullab, iyun-iyulda urug`laydi.

Tarqalishi. Zarafshon va Hisor tizmalarining tarmoqlarida, Cho`lbayir, Boysun, Ko`xitang tog`larida tarqalgan (Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari). Qirg`iziston. Tojikiston, Afg`onistonda ham tarqalgan.

O`sish sharoiti. Tog`larning pastki qismida mayda jins tuproqli va shag`alli yonbag`irlarda o`sadi.

Soni. Yakka-yakka, ba'zan kichik to`plar hosil qilib o`sadi.

Ko`payishi. Urug`idan, ba'zan vegetativ yo`l bilan ko`payadi.

O`simlik soni va arealining o`zgarish sabablari. Aholi tomonidan yig`ib olinishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi. O`zbekiston Respublikasi FA Botanika bog`ida o`stirilmoqda.

Muhofaza choralari. Qizil kitobga kiritilgan. Hisor qo`riqxonasida muhofaza qilinadi. Cho`lbayir tog`larida nazoratxona tashkil etish lozim.

© Web-design  Burnashev R.F., 2005